Toshkent shahri Sergeli tumanida noqonuniy qurilgan savdo shoxobchasini hujjatlashtirib berishni va’da qilgan tuman gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul xodimi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.
Xodim fuqarodan tuman hududidagi hujjatlari noqonuniy bo‘lgan savdo shoxobchasini tanishlari orqali rasmiylashtirib berish uchun 16 ming dollar, shuningdek, mazkur do‘konni gaz tarmog‘iga ulashga ruxsatnoma olib berish evaziga yana 5000 dollar, jami 21 ming dollar talab qilgan.
Gumonlanuvchi so‘ralgan pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz