Andijon viloyatida narkotik moddalarni kontrabanda qilish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ustidan sud jarayoni yakunlandi. Sud hukmiga ko‘ra, ularning har biri 8 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.
2025-yil avgust oyida Paxtaobod tumanida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari chegarachilar, militsiya va bojxona bilan hamkorlikda Matiz rusumli avtomobilni to‘xtatdi. Mashinadan qariyb ikki kilogramm gashish va elektron tarozi topildi. Aniqlanishicha, ushlangan 42 yoshli, ilgari sudlangan erkak narkoguruh rahbari bo‘lgan. Uning uyini tintuv qilishda yana ikki kilogrammdan ortiq gashish topilgan.
Operatsiya davomida guruhning 33 yoshdan 51 yoshgacha bo‘lgan boshqa a’zolari ham qo‘lga olindi. Ulardan gashish va marixuana musodara qilindi. Guruhning qolgan a’zolari “rahbar”ning topshiriqlarini bajargan: Qirg‘izistondagi narkotik sotuvchilardan tovarlarni olib, chegaradan o‘tkazib, O‘zbekistonga yetkazib bergan. Tergov ular faoliyati davomida 10 kilogrammga yaqin gashishni olib o‘tib, sotganini aniqladi.
Izboskan tuman sudi barcha ayblanuvchilarni Jinoyat kodeksining 246-moddasi (“Kontrabanda”) va 273-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar, shuningdek ularni sotish”) bo‘yicha aybdor deb topdi.
Rasmiylar fuqarolarni narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq faktlar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Maxfiylik kafolatlanadi.
Avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda narkotik kontrabandasining yirik kanalini to‘xtatgan edi. Maxsus operatsiya davomida qo‘shni davlatdan olib kelingan 24 kilogrammdan ortiq taqiqlangan moddalar noqonuniy aylanishdan olib qo‘yildi.
Source: podrobno.uz