Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoro viloyatida bir ayol Telegram’da o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan firibgarlarga ishonib, 1 milliard 9 million so‘m mablag‘ini yo‘qotdi. Jinoyatchilar pullarni dron-kartalar orqali naqdlashtirgan va bir qismini kriptovalyutaga aylantirgan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 2025-yil dekabr oyida sodir bo‘lgan va sxema tafsilotlari 10-may kuni ochiqlangan.

Firibgarlar ayol bilan Telegram orqali bog‘lanib, o‘zini Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan. Ular tijorat banklari xodimlari go‘yoki uning jamg‘armalarini o‘g‘irlamoqchi ekanligini aytib, pullarni “xavfsiz kartalar”ga o‘tkazishni tavsiya qilgan.

Natijada jabrlanuvchi to‘rt xil bankdagi barcha pullarini ko‘rsatilgan hisob raqamlariga o‘tkazgan. Umumiy zarar 1 milliard 9 million so‘mni tashkil etgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar pullarni bir necha mintaqadagi dron-kartalar orqali naqdlashtirgan. Ushbu kartalar Toshkent, Xorazm, Andijon va boshqa viloyatlarda turli fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan. Sxemada voyaga yetmaganlar va talabalar ham ishtirok etgan bo‘lib, ular bank kartalarini vositachilarga 100 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha sotgan.

Olingan mablag‘lar turli shaharlardagi bankomatlardan naqdlashtirilgan yoki kriptovalyutaga aylantirilgan.

Buxoro viloyati IIB Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Toshkentda tezkor tadbir davomida jinoiy guruhning ikki asosiy tashkilotchisini qo‘lga olgan.

Ularning qimmatbaho avtomobillarini tintuv qilishda o‘nlab telefonlar, SIM-kartalar va 100 million so‘mdan ortiq naqd pul topilgan.

Gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘g‘irlangan 1 milliard 9 million so‘m to‘liq undirilib, jabrlanuvchiga qaytarilgan.

Source: kun.uz