Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Buxoro viloyati Kogon tumani hokimining o‘rinbosari korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatda gumonlanib, pora olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro tumanidagi “Qum Sulton” massivida dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer ekin maydonlariga Kogon tumani hududi orqali keladigan suv to‘xtatib qo‘yilgani sababli yordam so‘rab hokim o‘rinbosariga murojaat qilgan.
Mansabdor shaxs suv ta’minotini tiklab berish va kelgusida bu bo‘yicha muammo bo‘lmasligini ta’minlash evaziga fermerdan 15 ming dollar talab qilgan. U so‘ralgan puldan 12 ming dollarini pora sifatida olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: www.gazeta.uz