Surxondaryo viloyatida sudya yordamchisi korrupsiyada gumon qilinmoqda. U ikki sudlanuvchiga 6,3 milliard so‘m miqdoridagi zararni kamaytirish, qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashga va’da bergan.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat sudi katta sudyasining yordamchisi o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, noqonuniy boyishni maqsad qilgan.
Angor tuman sudida ikki sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilayotgan edi. Sudya yordamchisi 6,3 milliard so‘m miqdoridagi zararni qayta baholash, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash va dastlabki tergovda qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini bekor qilishga va’da bergan.
U xizmatlari evaziga sudlanuvchilarning qarindoshidan 53 ming dollar olgan. Pulni olayotganda u DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Sudya yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) va 28,211-moddalari (Pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: kun.uz