Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston fuqarolari Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) 30 kungacha vizasiz sayohat qilishlari mumkin. Viza shtampi aeroportda bepul qo‘yiladi, hech qanday turistik yig‘im olinmaydi. Biroq, vizasiz rejim avtomatik ravishda kirishni kafolatlamaydi: yakuniy qaror chegara xizmati tomonidan qabul qilinadi.

Agar sayohat 30 kundan ortiq bo‘lsa yoki ish, o‘qish yoki biznes bilan bog‘liq bo‘lsa, viza oldindan rasmiylashtirilishi kerak. Bunda aviakompaniya, turistik agentlik yoki ish beruvchi orqali murojaat qilish mumkin. Uzoq muddatli qolishni rejalashtirganlar uchun Green Visa (o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlovchilar va malakali mutaxassislar uchun) va 10 yillik Golden Visa (investorlar, tadbirkorlar va noyob kasbiy ko‘nikmalarga ega shaxslar uchun) mavjud.

So‘nggi ikki yil ichida BAA chegara nazorati sezilarli darajada qattiqlashdi. Qo‘shimcha savollar ko‘pincha yolg‘iz sayohat qiluvchilarga, avval BAAga kelgan va qaytib ketmaganlarga yoki yetarli mablag‘i bo‘lmaganlarga beriladi. Chegarani muammosiz o‘tish uchun mehmonxona broni, qaytish chiptasi va sayohat maqsadini aniq tushuntirishga tayyor bo‘lish tavsiya etiladi.

Kirish uchun zarur hujjatlar: kamida 6 oy amal qiladigan xorijiy pasport, mehmonxona broni va qaytish chiptasi. Ba’zi hollarda sayohat maqsadini tasdiqlovchi hujjatlar (taklifnoma, ish beruvchining xati) talab qilinishi mumkin. Bolalar bilan sayohat qilishda har bir bola uchun alohida pasport, agar bola ota-onasiz ketsa, notarial tasdiqlangan rozilik va familiyalar farq qilsa, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning ingliz tilidagi tarjimasi kerak.

BAAda to‘lovlar uchun xalqaro kartalar (Visa, Mastercard) qabul qilinadi, ammo o‘zbek kartalari har doim ham ishlamaydi. Naqd pul (AED) olib kelish yoki joyida ayirboshlash tavsiya etiladi. Aloqa uchun mahalliy SIM-kartalar (Etisalat, Du) aeroportda sotiladi, eSIMni esa oldindan ulash mumkin. WhatsApp, Telegram va FaceTime orqali ovozli va video qo‘ng‘iroqlar bloklangan, faqat mahalliy ilovalar (BOTIM) ruxsat etilgan.

BAAda qattiq qonunlar mavjud: jamoat joylarida mast holda yurish, giyohvand moddalar va haqoratli xatti-harakatlar qat’iy taqiqlangan. Avtomobil ijarasi kuniga 30–40 dollardan boshlanadi, haydovchilik guvohnomasi va xalqaro haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi. Mashinani ijaraga olishdan oldin shartnomani diqqat bilan o‘qish va zararlarni suratga olish tavsiya etiladi.

Source: kun.uz