Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida ikki nafar bola ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 12-may kuni soat 14:00 atrofida Olmaliq shahrining Amir Temur ko‘chasida 26 yoshli haydovchi C.D. piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan ikki nafar 9 yoshli bolani urib yuborgan.

Piyodalardan biri olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Yana bir jabrlanuvchi esa kasalxonaga yotqizilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi ishga jalb qilingan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Xorazmdagi piyodalar o‘tish joyida YTH sabab vafot etgan 10 yoshli bola haqida xabar qilingandi. Uchqun Aminboyev bu yil 3-sinfni bitirishi kerak edi, ammo 4-may kuni sodir bo‘lgan YTH oqibatida halok bo‘lgan. Marhumning otasi Yangi Urganch yaqinidagi piyodalar o‘tish joyida ikki yilda 3 kishi halok bo‘lganini aytdi va mas’ullarni svetofor o‘rnatishga chaqirdi.

Gazeta nashri yo‘l transport hodisasi sabab vafot etgan bolalarni xotirlash va yo‘llardagi xavfsizlikni oshirishga hissa qo‘shish maqsadida YTHlardagi qurbon hamda jabrlanuvchi bolalarning hikoyalarini hujjatlashtirishni maqsad qilgan. Agar siz ham voyaga yetmagan farzandingiz yoki yaqiningiz bilan sodir bo‘lgan YTH hikoyasini ulashmoqchi bo‘lsangiz, Telegram’dagi @bolalarYTHlarigazetauz_bot’ga yozing.

Source: www.gazeta.uz