Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda sohadagi muammolar va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi 25 yilda dunyoning 42 foiz mamlakatida qoramollar soni 12 foizga kamaygan. Bunga qimmat ozuqa, qurg‘oqchilik, ekologik omillar va yuqori foiz stavkalari sabab bo‘lgan. Natijada jahon bozorida go‘sht narxi rekord darajaga yetdi.

O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor: 16 million gektar yaylov mavjud, ammo ulardan atigi 10 foiz foydalanilmoqda. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Agentlikka Orif Butayev rahbar etib tayinlandi.

Yangi agentlik oldiga qoramollar sonini 16,5 millionga, qo‘y va echkilar sonini 30 millionga, parrandalar sonini 141 millionga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, go‘sht va sutni qayta ishlash darajasi 50 foizga, nasldor qoramollar ulushi 90 foizga yetkaziladi, ozuqabop ekin maydonlari 1,5 barobar ko‘paytiriladi.

Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash uchun Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatdan bittadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi. Ushbu tumanlarda paxta va g‘alla yerlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi, 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Yil yakuniga qadar kamida 10 gektar yeri bor 28 746 ta fermer xo‘jaligida 2 million bosh qoramol boqish tashkil etiladi. 1-iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10 foiz stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorva import qiluvchilar 2029-yilgacha QQSdan ozod qilinadi.

Banklarga yillik 6 foiz stavkada 1 trillion so‘m va 50 million dollar resurs joylashtiriladi. Joriy yilda 5,5 trillion so‘mlik 1,5 mingta loyihani ishga tushirish, 25 mingta ish o‘rni yaratish va qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1-iyundan yetakchi agrar oliygohlarda sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha 10 kunlik kurslar tashkil etiladi. Har yili kamida 1 ming mutaxassis tayyorlanadi. Xonadonlarda sun’iy urug‘lantirilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m, embrion ko‘chirilganda 700 ming so‘m subsidiya to‘lanadi. Bu maqsadlar uchun qo‘shimcha 50 milliard so‘m ajratiladi.

Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkor va fermerlarning takliflari tinglandi. Yangi tizimni samarali tashkil etish, tadbirkor va fermerlarga amaliy ko‘mak berish, chorvachilikda ozuqa bazasi, naslchilik, qayta ishlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Source: www.gazeta.uz