Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jahon chempionati oldidan jamoa jiddiy tayyorgarlik olib borayotganini aytdi. O‘FA uning matbuot anjumanidagi iqtiboslarini taqdim etdi.

Matbuot anjumanida Kannavaro jamoa hozirdanoq jahon chempionatiga tayyorgarlikni kuchaytirganini bildirdi. “Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga uchib ketishni intiqlik bilan kutyapmiz”, — dedi murabbiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiylar shtabi terma jamoaga munosib futbolchilarni tanlash uchun so‘nggi oylarda barcha nomzodlarni kuzatib borgan. “Kimdir terma jamoaga chaqirilmagan bo‘lsa, demak u o‘z o‘yini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan. Terma jamoaga jalb etishda futbolchilarning yoshiga e’tibor bermadim”, — dedi Kannavaro.

Murabbiy o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun ham kuchli raqiblar tanlanganini qayd etdi. Aytishicha, bu qaror futbolchilarni yuqori darajadagi bosim va tezlikka moslashtirish maqsadida qabul qilingan. “Imkon qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblarni tanlashga harakat qildik. Kanada — musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratadi. Bu futbolchilarimiz uchun muhim tajriba bo‘ladi. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi”, — dedi u.

Kannavaroning ta’kidlashicha, Niderlandiyaning o‘yin uslubi ayrim jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshaydi va bu ham jamoa uchun foydali sinov bo‘ladi. U shuningdek, O‘FAning xalqaro federatsiyalar bilan hamkorligi kuchli raqiblarga qarshi bahslar tashkil qilish imkonini berganini aytdi.

Murabbiy ayrim yetakchi futbolchilarning holati haqida ham to‘xtaldi. U Jaloliddin Masharipovning katta tajribaga ega ekanini va optimal formaga chiqsa, jamoaga katta yordam berishini bildirdi. Shuningdek, Abbosbek Fayzullayevning mehnatkashligi va jangovor xarakteriga yuqori baho berdi. Kannavaro Abduqodir Husanov hamda Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda ekanini aytdi. Ayrim futbolchilar esa jarohat yoki o‘yin amaliyoti yetishmasligi sabab hali optimal formaga chiqmagan. “Hali vaqt bor va ular tez orada tiklanishiga ishonamiz”, — dedi u.

Murabbiyning fikricha, O‘zbekiston uchun ilk jahon chempionatida eng muhimi futbolchilarda ortiqcha bosim emas, ishonch va erkinlik muhitini shakllantirish hisoblanadi. “Bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoamiz xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman”, — dedi Kannavaro.

U yig‘inlar davomida asosiy e’tibor jamoaning jismoniy tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilayotganini ham qayd etdi. Murabbiyga ko‘ra, futbolchilar hozir mashg‘ulotlarda bor kuchini berib ishlamoqda. Shuningdek, u asosiy ambitsiyasi haqida fikr bildirdi: “Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri — Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz”, — dedi bosh murabbiy.

Source: www.gazeta.uz