Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston delegatsiyasi Nyu Yorkdagi Xalqaro migratsiyani ko‘rib chiqish forumida (IMRF) AQShning ta’lim, rekruting va yuridik tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar tibbiyot xodimlari va haydovchilarni tayyorlash, H-2A vizalari hamda migrantlar huquqiy himoyasi bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya 5−10-may kunlari Nyu York shahrida bo‘lib o‘tgan forumda ishtirok etdi.

Delegatsiya AQShning qator tashkilotlari bilan aniq yo‘nalishlar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, Logan University (tibbiyot universiteti) bilan AQSh mehnat bozori uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Missouri Trucking School (haydovchilik maktabi) vakillari bilan yuk avtomobili haydovchilarini AQSh standartlari asosida tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmi muhokama qilindi. Gap 160 soatlik maxsus o‘quv dasturi haqida bormoqda.

Shuningdek, NCAE (AQSh qishloq xo‘jaligi ish beruvchilari kengashi) bilan AQShdagi ish beruvchilar ishtirokida mehnat forumlari tashkil qilish va mavsumiy ish dasturlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Head Honchos (mavsumiy ish rekruting) kompaniyasi bilan H-2A vizalarini rasmiylashtirish, O‘zbekistonning agrar sohadagi kadrlar salohiyatini AQShda targ‘ib qilish va 8−10 haftalik tayyorlov kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Ballon Stoll yuridik firmasi bilan O, H-2A, H-2B, H-1B va E vizalari orqali ish imkoniyatlari, shuningdek AQShdagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqiy himoyasi mexanizmlarini kuchaytirish muhokama qilindi.

Avvalroq Migratsiya agentligi AQShning USA Farm Labor tashkiloti bilan mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Qo‘shma Shtatlardagi fermalarda oyiga o‘rtacha 3500 dollar maosh bilan ishlashlari kutilmoqda.

Shuningdek, Head Honchos LLC kompaniyasi bilan o‘zbekistonliklarni AQShga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Nomzodlar tanlanib, tayyorgarlikdan o‘tkaziladi, xalqaro standartlar asosida ishga joylashtiriladi.

Source: www.gazeta.uz