Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (O‘zMIF) aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) yakunlanganini e’lon qildi. Jamg‘armani boshqaruvchi Franklin Templeton kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, taklif oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlarni (GDT) o‘z ichiga olgan.

Barcha qimmatli qog‘ozlar yagona aksiyador – Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taklif etilgan. Joylashtirish doirasida vazirlik jami 1,56 trillion dona aksiya taklif qilgan, bu O‘zMIF aksiyadorlik kapitalining 31 foizini tashkil etadi. Bitta GDT 64 700 ta aksiyaga teng.

Qo‘shimcha joylashtirish opsiyasi (greenshoe) doirasida chiqarilishi mumkin bo‘lgan GDTlarni hisobga olmaganda, jalb qilingan mablag‘lar hajmi qariyb 603,6 million dollarni tashkil etdi. Greenshoe bilan birga summa 692 million dollargacha, sotilgan aksiyalar ulushi esa 35 foizgacha oshishi mumkin.

Taklif narxi bitta GDT uchun 25 dollar, oddiy aksiya uchun 4,65 so‘m etib belgilandi. Toshkent taklifi doirasida belgilangan mezonlarga mos keluvchi va 12 milliard so‘mgacha ariza topshirgan jismoniy shaxslar uchun narx 5% chegirma bilan 4,41 so‘mni tashkil qildi.

Taklif ikki qismdan iborat bo‘ldi: Toshkent taklifi (47,94 milliard aksiya, umumiy hajmning 3%) va xalqaro taklif (23,44 million GDT shaklidagi 1,516 trillion aksiya). Xabarlarga ko‘ra, talab taklifdan to‘rt barobardan ko‘proqqa oshgan.

Asosiy (yakor) investorlar sifatida BlackRock, Franklin Resources, Redwheel tomonidan boshqariladigan jamg‘armalar va Allan & Gill Gray Foundation’ga tegishli kompaniyalar ishtirok etdi. Ular umumiy qiymati 300 million dollarlik GDT sotib olish majburiyatini oldilar.

London fond birjasida GDTlarning shartli savdolari 13-may, shartsiz savdolar esa 18-may kuni boshlanishi kutilmoqda. O‘zMIF aksiyalari “Toshkent” Respublika fond birjasida UZNF tikeri ostida muomalada bo‘ladi.

2023-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, jamg‘armaning sof aktivlari qiymati 2,44 milliard dollarni tashkil etgan. IPO natijasida bozor kapitallashuvi 1,95 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zMIF portfeliga Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom” kabi 13 ta davlat kompaniyasidagi minoritar ulushlar kiradi.

Qat’iy dividend siyosati investorlar uchun asosiy jozibador omil bo‘lib, portfel kompaniyalari 2030-yilgacha sof foydasining kamida 50 foizini dividend sifatida to‘lashi shart. 2028-yil oxirigacha jamg‘armaning oltita kompaniyasi uchun alohida IPO o‘tkazish rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz