15-maydan 24-maygacha Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida (DAKT) “Toshkent bahori” VIII xalqaro opera va balet festivali bo‘lib o‘tadi. Tadbir dasturini La Scala, Arena di Verona, Metropolitan Opera teatrlarining yetakchi solistlari, shuningdek, Italiyaning Palermodagi Massimo va Turindagi Regio teatrlari sahnalarida chiqish qiluvchi ijrochilar ishtirokidagi gala konsert ochib beradi.
Festival davomida teatr sahnasida Belarus, Gruziya, Moldova, Rossiya, Ruminiya va Chernogoriyadan kelgan san’atkorlar chiqish qiladi. “Oqqush ko‘li” baletida Odetta va Odilliya partiyalarini “Kreml baleti” teatri prima-balerinasi Yekaterina Pervushina (Rossiya) ijro etadi. U Alisher Navoiy nomidagi DAKT yetakchi solisti Ulug‘bek Olimov bilan juftlikda sahnaga chiqadi.
“Traviata” operasida tomoshabinlar bir yo‘la uch mamlakat vakillarini ko‘rishi mumkin. Violetta partiyasini Z. Paliashvili nomidagi Tbilisi davlat opera va balet teatri solisti Marika Machitidze (Gruziya) ijro etadi. Alfred rolida Ruminiya milliy operasi solisti Florin Guzga (Ruminiya) namoyon bo‘ladi. Dirijyorlik pultini esa M. Biyeshu nomidagi Opera va balet teatri direktori Nikolay Dogotaru (Moldova) egallaydi.
“Don Juan” operasidagi Donna Elvira partiyasini K. S. Stanislavskiy va Vl. I. Nemirovich-Danchenko nomidagi Moskva akademik musiqa teatri solisti Natalya Petrojitskaya (Rossiya), Don Ottavio rolini shu teatrning o‘zidan Kirill Zolochevskiy, Serlina rolini esa xalqaro tanlovlar laureati Alisa Medvedeva (Chernogoriya) ijro etadi.
Festival mehmoni — Katta teatr premeri Dmitriy Viskubenko (Rossiya) “Bayaderka”da Solor partiyasini, Nikiya rolini esa Navoiy nomidagi DAKT yetakchi solisti Shirin Vlasenko ijro etadi. Yakuniy gala konsertda festival ishtirokchilari safiga Belarus Katta teatri opera solisti Oksana Volkova qo‘shiladi.
Festival dasturi: 15-may — ochilish gala konserti; 17-may — “Jizel” baleti; 20-may — “Oqqush ko‘li” baleti; 21-may — “Traviata” operasi; 22-may — “Don Juan” operasi; 23-may — “Bayaderka” baleti; 24-may — yopilish gala konserti. Chiptalarni iticket.uz sayti orqali xarid qilish mumkin.
Source: www.gazeta.uz