Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bexzot Rahmatullayevich Narmatov O‘zbekiston prezidentining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Tayinlovga qadar u fevral oyidan buyon Prezident administratsiyasining neft-gaz sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha loyiha ofisi shu’ba mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U turli yillarda energetika vaziri o‘rinbosari, Energetika vazirligining geologiya, neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari, shuningdek, “Andijonneft” kompaniyasi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2021-yil avgustda Narmatov “O‘ztransgaz” davlat kompaniyasi boshqaruv raisi etib tayinlangan.

2023-yil yanvarda prezident aholini energiya resurslari bilan ta’minlashdagi qoniqarsiz holat sabab qator energetika kompaniyalari rahbarlarini, jumladan “O‘ztransgaz” rahbarini egallab turgan lavozimidan ozod qilgan edi.

Bundan avval ushbu lavozimda Alisher Sultanov ishlagan. U 2023-yil may oyida prezidentning neft, gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan. 2025-yil iyulda Sultanov prezidentning energetik xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod qilinib, prezidentning energetik xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili etib tayinlangan — mazkur lavozim maslahatchi o‘rinbosari maqomiga tenglashtirilgan. O‘tgan yil dekabrida u bu lavozimdan ham ozod etilgan.

Source: www.gazeta.uz