12-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida 1965-yilda tug‘ilgan fuqaro T.R. Instagram ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston prezidenti va uning oila a’zolari haqida obro‘sizlantiruvchi yolg‘on axborotni izohlar shaklida tarqatganlikda aybli deb topildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, u izohlarni iPhone 11 telefoni orqali yozgan. Holat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan telefon ko‘zdan kechirilganda aniqlangan.
Sudda T.R. IIO xodimlari uni bo‘lim binosiga taklif qilgani, telefon tekshirilganda Instagram orqali yozilgan izohlar aniqlanganini bildirgan. U izohlarni mast holatda “bilib-bilmasdan” yozib yuborganini, aybiga iqror ekanini va qilmishidan pushaymonligini aytgan. Shuningdek, oilaviy va moddiy ahvoli og‘irligini bildirib, yengillik so‘ragan.
Sud qarorida qayd etilishicha, uning aybi ma’muriy bayonnoma, ashyoni olish va ko‘zdan kechirish bayonnomasi, Instagram’dan olingan fotosuratlar hamda boshqa yozma dalillar bilan tasdiqlangan.
Sud T.R.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan (Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish) huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga BHMning 50 baravari — 20 mln 600 ming so‘m miqdorida jarima tayinladi.
Daliliy ashyo sifatida olingan iPhone 11 telefoni egasiga qaytarilgan.
Source: www.gazeta.uz