Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Buxarestda bo‘lib o‘tayotgan Superbet Chess Classic Romania 2026 musobaqasining birinchi turida ruminiyalik Bogdan-Daniel Deak bilan durang o‘ynadi. Bu Sindarovning Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyingi birinchi klassik partiyasi bo‘ldi.

O‘zbekiston vakili qoralar bilan o‘ynadi va eski hind himoyasini tanladi, biroq Deak tezda farzinlarni almashtirishga o‘tdi. O‘yin tinch oqimga o‘tib, durang bilan yakunlandi. Birinchi turdagi barcha partiyalar durang natijasi bilan tugadi.

Ikkinchi turda Sindarov oq figuralar bilan hindistonlik grossmeyster Rameshbabu Pragnanandxaga qarshi o‘ynaydi. Nomzodlar turnirida o‘zbekistonlik shaxmatchi Pragnanandxani ikki marta mag‘lub etgan edi.

Ochilish marosimida jahon chempionligiga da’vogar Javohir Sindarov sobiq jahon chempioni Garri Kasparov bilan uchrashdi. Bu uchrashuv shaxmat olamida katta qiziqish uyg‘otdi.

Grand Chess Tour — bu turnirlar seriyasi bo‘lib, Polsha, Ruminiya, Xorvatiya va AQShdagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Har bir turnirning o‘z g‘olibi va mukofot jamg‘armasi bor, natijalar umumiy hisobga qo‘shib boriladi.

Super Chess Classic Romania turniri 14-maydan 24-maygacha Buxarestda o‘tkaziladi. Format — 10 nafar shaxmatchi ishtirokidagi davra tizimi. Mukofot jamg‘armasi 475 ming dollarni tashkil etadi.

Turnirda Fabiano Karuana, Vinsent Kaymer, Alireza Firuzja, Anish Giri, Uesli So, Rameshbabu Pragnanandxa, Maksim Vashe-Lagrav, Javohir Sindarov, Bogdan-Daniel Deak va Yorden van Forest qatnashmoqda.

Source: www.gazeta.uz