Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

12-may kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mamlakatning madaniy meros milliy ro‘yxati 67 ta yangi obyekt bilan to‘ldirildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Avvalgi ro‘yxatda 8370 ta obyekt davlat muhofazasida bo‘lgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 8437 taga yetdi. Yangi obyektlar orasida Toshkentdagi P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi va Shota Rustaveli ko‘chasidagi 22-uy (Stalin binosi) bor.

Qaror loyihasi 2025-yil may oyida muhokama qilinganda San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti binosi va Vazirlar Mahkamasi binosi ham “modernizm obyektlari” sifatida kiritilgan edi, ammo yakuniy qarorda ular yo‘q.

Shuningdek, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpog‘istondagi arxeologiya, tarixiy va arxitektura yodgorliklari, monumental san’at va diqqatga sazovor joylar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi.

Yangi ro‘yxatga Nukusdagi Igor Savitskiy qabri, Farg‘onadagi Erkin Vohidov haykali, Namangan viloyati madaniyati va tarixi davlat muzeyi, Qo‘qondagi Hamza Hakimzoda Niyoziy uy-muzeyi kabi obyektlar kiritildi.

Madaniy meros agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda obyektlarni davlat kadastriga kiritishni ta’minlaydi.

2023-yilda 22-uy buzilishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan edi. 2025-yil boshida agentlik ushbu 1956-yilda qurilgan binoni ro‘yxatga kiritish rejalarini ma’lum qilgan.

O‘tgan yili Beshyog‘och ko‘chasidagi 16 va 18-“Mutaxassislar uylari” aholisi bu obyektlar avval madaniy meros ro‘yxatida bo‘lgani, keyin chiqarilganini aytgan edi. Bu hududda ko‘p qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, aholi bunga qarshi chiqib, prezidentga murojaat yozgan.

Source: www.gazeta.uz