Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillarni evakuatsiya qilish boshlanganini ma’lum qildi. Yangi chora-tadbirlar doirasida noto‘g‘ri joyda qoldirilgan avtomobillar maxsus jarima maydonchalariga olib ketiladi.

Markaz xabariga ko‘ra, poytaxtning turli tumanlarida avtomobillarning piyodalar yo‘laklarida, o‘tish joylari yaqinida, bekatlarda, yashil hududlarda va to‘xtashni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda qoldirilishi muntazam kuzatilmoqda. Bu holat piyodalar, ayniqsa keksalar, bolali ota-onalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Shuningdek, noto‘g‘ri qo‘yilgan avtomobillar jamoat transporti va maxsus texnika (tez yordam, o‘t o‘chirish mashinalari) harakatiga to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlangan. Markaz bu kabi tartibsizliklar shaharning umumiy ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan.

Endilikda qoidalarni buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinadi va maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi. Haydovchilar o‘z avtomobillarini qaytarib olish uchun belgilangan jarimani to‘lashi kerak bo‘ladi.

Markaz haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga, avtomobillarni faqat ruxsat etilgan joylarda qoldirishga chaqirdi. Bu chora shaharda tartibni o‘rnatish, harakat xavfsizligini ta’minlash va jamoat joylarini barcha aholi uchun ochiq va xavfsiz qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz