Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ 24-aprel kuni Toshkent shahri Uchtepa tumani jinoyat ishlari sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 45 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak 2016-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan va 2022-yilgacha turli hududlarda ishlagan.

️ Moskvadagi uysizlar boshpanasida bo‘lgan vaqtda ko‘ngillilar unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etishni taklif qilgan. Erkak 2022-yil boshida shartnoma tuzgan, tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘qchi sifatida janglarda qatnashgan.

️ Sud materiallarida qayd etilishicha, u dron portlashi oqibatida bosh va bel qismidan jarohat olgan, Rostov-Dondagi harbiy gospitalda davolangan. Keyinchalik gospitaldan qochib, Moskvaga qaytgan. 2025-yil noyabrida ro‘yxatdan o‘tmasdan yashagani uchun politsiya tomonidan ushlanib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

️ 2026-yil yanvarda Toshkentga qaytganidan so‘ng singlisi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, akasining Rossiya armiyasida xizmat qilgani va unga hamda farzandlariga tahdid qilgani haqida xabar bergan. Sud-tibbiy ekspertizasi erkakning bosh, ko‘krak va orqa qismida eski jarohat izlarini aniqlagan.

️ Sudda ayblanuvchi aybni qisman tan olgan. U 2016-yilda Rossiyaga ishlash uchun ketganini, ammo maxsus harbiy operatsiyada qatnashmaganini da’vo qilgan. Biroq, uning “Odnoklassniki” tarmog‘ida kamuflyaj kiyimida avtomat bilan tushgan surati topilgan. Singlisi esa akasi 2022-yilda Rossiya armiyasiga qo‘shilib, Ukrainada yaralanganini va doimiy tahdid qilganini aytgan.

️ Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan. Sud yengillashtiruvchi holatlar sifatida qisman aybni tan olishi, pushaymonligi va ilgari sudlanmaganligini inobatga olgan, ammo jinoyatni “g‘arazli va past niyatlarda” sodir etilgani ta’kidlangan.

Source: www.gazeta.uz