Samarqand viloyatidagi Akbuyra turistik qishlog‘i yaqinidagi karerda sodir bo‘lgan portlash natijasida toshlar 357 metr masofaga uchib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu belgilangan 300 metrlik me’yordan oshib ketgan. Konchilik sanoati va geologiya vazirligi bu haqda rasmiy bayonot berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, «Mironqul-III» kareri 2019-yil 1-iyuldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Agro Technology Group» MChJga ajratilgan. Korxona 2042-yil 3-iyungacha foydalanish uchun litsenziyaga ega. Portlatish ishlari «Agro Technology Group» va «Hisor Tog» MChJ o‘rtasidagi pudrat shartnomasi asosida amalga oshirilgan.
Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, davlat ekologik ekspertizasi xulosasida aholi punktigacha minimal xavfsiz masofa 300 metr qilib belgilangan. Umuman, turar-joy massivigacha masofa 450-500 metrni tashkil etib, talablarga mos deb hisoblangan. Biroq ba’zi jabrlangan uylar 357 metr masofada joylashgan bo‘lib, bu belgilangan me’yorga yaqin.
Vazirlikning qayd etishicha, 2026-yil 15-apreldagi portlash natijasida tog‘ jinslari 357 metr masofadagi hududga yetib borgan va bu «texnologik reglamentdan chetga chiqish» deb baholangan. Tog‘-geologik sharoitlar va portlash energiyasining notekis taqsimlanishi tufayli ba’zi toshlar traektoriyadan chetga chiqqan bo‘lishi mumkin.
Yetkazilgan moddiy zarar korxona tomonidan qoplangan. Portlash hajmini 10 tonnadan 5 tonnagacha kamaytirish, portlovchi moddalar miqdorini minimallashtirish va tog‘ massasini yumshatishning muqobil, xavfsizroq usullarini qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Shuningdek, aholini sirena orqali ogohlantirish tizimini joriy etish, uylardagi yoriqlar va portlash ishlari o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlikni aniqlash uchun Seysmologiya institutidan xulosa olish va’da qilingan. Vazirlik nazorat tadbirlari davom etayotganini, takroriy qoidabuzarliklar bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanish litsenziyasini to‘xtatishgacha bo‘lgan qattiq choralar ko‘rilishi mumkinligini bildirgan.
Source: kun.uz