Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya prezidentlari hamda TDT bosh kotibi ishtirok etdi.

O‘z nutqida Mirziyoyev sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, TDTdagi samarali raisligi va tashkilot nufuzini oshirishdagi sa’y-harakatlari uchun Ilhom Aliyevga tashakkur aytdi.

Prezident turkiy dunyo integratsiyasi qardosh xalqlar taqdiriga daxldor uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda TDT barqaror rivojlanish sur’atlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylanganini, 2025-yilda a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshganini va o‘sish sur’ati global ko‘rsatkichdan ikki barobar yuqori bo‘lganini qayd etdi.

O‘tgan yili O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga oshgan. Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini boshlagani, Markaziy banklar kengashi va “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishga tushirilgani qayd etildi.

Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish sohasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.

“O‘lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar”, dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, mintaqaviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkentda TDT davlatlari Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Prezident Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga to‘xtalib, markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan birgalikda tarixiy-madaniy manbalarni yagona “katta ma’lumotlar” platformasiga jamlashi mumkinligini aytdi.

Sammitda Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, startap loyihalarini moliyalashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Mirziyoyev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturini eslab o‘tdi va O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga boshqa a’zo davlatlarni ham qo‘shilishga chaqirdi.

Transport va logistika sohasida E-Permit elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq ishga tushirilgani qayd etildi. Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini o‘rta koridor bilan bog‘lash va bojxona ma’lumotlari almashinuvini raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida 2027-yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish va suv resurslarini boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish taklif etildi.

Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish maqsadida kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans tuzish tashabbusi ilgari surildi.

Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

Source: www.gazeta.uz