Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mahmud Hodiyev, Botu taxallusi bilan tanilgan o‘zbek shoiri va jamoat arbobi, 1904-yil 16-mayda Toshkentning Qatorterak mahallasida tug‘ilgan. U dastlab eski maktabda savod chiqargan, so‘ngra rus-tuzem maktabida va o‘qituvchilar tayyorlash kursida tahsil olgan.

1918-yilda “Vatan” maktabi qoshidagi “Izchi” guruhiga, 1919-1921-yillarda Abdurauf Fitrat boshchiligidagi “Chig‘atoy gurungi”ga a’zo bo‘lgan. Mehnat faoliyatini 1920-yilda Fitrat muharrirlik qilgan “Tong” jurnalida kotiblikdan boshlagan, keyin “Farg‘ona” gazetasida ishlagan.

1921-1923-yillarda Moskva davlat universitetining iqtisod fakultetida o‘qigan. 1927-yilda qaytgach, O‘zbekiston Kompartiyasi markaziy qo‘mitasining matbuot bo‘limida yo‘riqchi, Samarqanddagi markaziy partiya maktabida boshliq bo‘lgan. Samarqand tumani partiya qo‘mitasiga saylanib, tashviqot va targ‘ibot bo‘limini boshqargan.

Lotin alifbosidagi ilk “Alanga” jurnaliga muharrirlik qilgan, “Qizil qalam” adabiy uyushmasining tashkilotchisi bo‘lgan. 1929-yilda O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissariatining komissar o‘rinbosari etib tayinlangan.

Ilk she’ri “Ishchilar bayrami”ni 1919-yilda yozgan. 1925-yilda “Umid uchqunlari”, 1929-yilda “To‘lqin tovushlari” she’riy to‘plamlari chop etilgan. “Yangi qishloq”, “Hoshimjon” va “Tursun” hikoyalari 1928-1929-yillarda nashr qilingan.

1930-yilda “aksilinqilobchi”, “millatchi” va “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olingan. 1938-yil 9-mayda qatag‘on qilingan. Ushbu sana munosabati bilan Gazeta uning asarlari asosida test tayyorladi.

Source: www.gazeta.uz