O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetida (“Green University”) xalqaro ekologik ko‘rgazma Eco Expo Central Asia 2026, Global ekologik fondning (GEF) VIII Assambleyasi, shuningdek, Green University va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Abduxalikov, Qo‘mita departamenti rahbari Baxrom Xolxo‘jayev, Green University rektori, professor Baxtiyor Po‘latov, qo‘mita va tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Jusipbek Kazbekov o‘z nutqida O‘zbekiston yana muhim xalqaro ekologik tadbirlar maydoniga aylanayotganini ta’kidlab, unda atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari, jumladan, iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish, biologik xilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda ifloslanishni kamaytirish masalalari muhokama qilinishini aytdi. Shuningdek, u Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashtirilgan ekologik universitet – Green University va uning qoshida tashkil etilayotgan “yashil” texnikumlar faoliyatiga alohida to‘xtaldi.
Javohir Abduxalikov GEF VIII Assambleyasi haqida ma’lumot berdi. Assambleya doirasida 9 ta yuqori darajadagi davra suhbatlari, 50 dan ortiq yon tadbirlar, bir qator xalqaro tashabbuslar e’lon qilinishi va yangi ekologik loyihalarning boshlanishi rejalashtirilgan. Natijada “yashil” loyihalarga grant va investitsiyalar jalb etilishi, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik kengayishi, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash dasturlari, biologik xilma-xillikni saqlash, qayta tiklanuvchi energetika va barqaror qishloq xo‘jaligi loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda.
Baxrom Xolxo‘jayev Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ekologik ko‘rgazmasi haqida gapirdi. Tadbir 100 dan ortiq mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilari, eko-innovatorlar, davlat organlari va ekspertlar jamoasini birlashtiradi. Ko‘rgazmada 68 dan ortiq pavilyon tashkil etiladi.
Ko‘rgazmada Global yashil o‘sish instituti (GGGI), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Vision Invest (Saudiya Arabistoni), SUEZ (Fransiya), Cevia Environment (Xitoy), KOMOTO (Yaponiya), EPSOY (Finlandiya), Siberian Wellness (Rossiya), Bell Energy (BAA) va Oizom Instruments (Hindiston) kabi yirik xorijiy kompaniyalar o‘z korporativ pavilyonlarini taqdim etadi. Mahalliy korxonalardan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, AKFA, Jizzax akkumulyator zavodi va “O‘zkimyosanoat” AJ ishtirok etadi.
Shuningdek, eko-innovatorlarning innovatsion ishlanmalarini namoyish qilish uchun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari startap loyihalari uchun qo‘shimcha 20 pavilyon tashkil etiladi. Ko‘rgazma doirasida barcha hududlar iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyiha takliflarini tayyorlagan.
Green University rektori Baxtiyor Po‘latov universitet va uning bazasida tashkil etilayotgan “yashil” texnikumlar faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Universitetda ta’lim sifati Yevropa ESG standartlariga mos keladi va jahon darajasidagi raqobatbardosh, ijtimoiy mas’uliyatli ekolog mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Hozirda bakalavriat va magistratura dasturlari barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, ekologik huquq, aylanma iqtisodiyot, barqaror moliya, ekologiya fanlari va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlarida amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida, shuningdek, 29-31 may kunlari Toshkentdagi High Town City Mall’da bo‘lib o‘tadigan Cat X xalqaro mushuklar ko‘rgazmasi haqida ma’lumot berildi. Bu O‘zbekistondagi yagona professional mushuklar ko‘rgazmasi bo‘lib, hayvonlarga mas’uliyatli munosabatni targ‘ib qilish, boshpanalarni qo‘llab-quvvatlash va felinologiyani rivojlantirishga qaratilgan. Bu yil tadbir birinchi marta World Cat Federation (Germaniya) homiyligida xalqaro maqomda o‘tkazilmoqda. 2025 yilda 80 ta hayvon ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil 12 000 dan ortiq tashrif buyuruvchi kutilmoqda.
Source: kun.uz