Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan shahrida 65-Xalqaro gul festivaliga tayyorgarlik ishlari qizg'in davom etmoqda. Shahar va tuman ko'chalariga 5 millionga yaqin mavsumiy gullar ekilishi rejalashtirilgan.

Misrning Sada al-Balad nashri ma'lumotlariga ko'ra, Namangandagi Xalqaro gul festivali ilk bor 1961-yil avgustida tashkil etilgan. 2018-yildan boshlab festival xalqaro maqomga ega bo'lib, unda turli mamlakatlardan mehmonlar va ishtirokchilar qatnashadi.

Bu yilgi festival 65-marta o'tkazilmoqda va so'nggi yillarda u nafaqat O'zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham taniqli brendga aylangan.

Ma'lum qilinishicha, joriy festival Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin. Hozirda bir oy ichida eng ko'p gul ekish bo'yicha rekord o'rnatish jarayoni ketmoqda. Bu jarayonni Dubaydagi tashkilot vakili Kanzi Defravi xalqaro talablar asosida kuzatib bormoqda.

Xalqaro gul festivali 24-maydan 12-iyulgacha davom etadi. Tadbir doirasida galakonsertlar, dron-shou, avtoparad, ochiq osmon ostida simfonik konsert, moda haftaligi, turli ko'rgazmalar, shuningdek, turizm va investitsiyalarga bag'ishlangan xalqaro forumlar rejalashtirilgan.

Tashkilotchilarning so'zlariga ko'ra, shahar ko'chalarida ekiladigan yorqin gullar festival mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirishi kerak.

Source: kun.uz