18-may kuni London fond birjasida O‘zbekiston Milliy Investitsiya Fondining (UzNIF) aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu voqea mamlakat moliyaviy tarixidagi eng muhim bosqichlardan biri va jahon bozorlarining Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi iqtisodiy islohotlarga bo‘lgan ishonchining muhim belgisi sifatida baholanmoqda.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Xakimov ishtirok etadi.
Yirik xalqaro moliya institutlarining UzNIF IPOga qiziqishi investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini va global kapitalning iqtisodiy modernizatsiya, korporativ boshqaruvni rivojlantirish va davlat kompaniyalarida shaffoflikni oshirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ko‘rsatadi.
IPOga tayyorgarlik doirasida Franklin Templeton boshqaruv kompaniyasi 28-apreldan 12-maygacha Buyuk Britaniya, AQSh va Yevropa davlatlari (Germaniya, Fransiya, Chexiya, Vengriya, Polsha) dan 170 nafar investor bilan 80 dan ortiq guruhiy va individual uchrashuvlar o‘tkazdi.
Joylashtirishga yetakchi xalqaro moliyaviy tuzilmalar jalb qilindi. Anderrayterlar sifatida Jefferies, Wood & Company, Auerbach Grayson, RBI va ADCB chiqdi. Kustodian va depozitariy sifatida Bank of New York Mellon tanlandi, joylashtirish bo‘yicha maslahatchilar esa STJ Advisors va ScholzvonGleich bo‘ldi.
Xalqaro birjada fond aksiyalarining 30 foizi global depozitar tilxatlari shaklida, qo‘shimcha 4,5 foizi esa greenshoe option stabilizatsiya mexanizmi doirasida joylashtiriladi. Yana 0,82 foiz aksiyalar “Toshkent” Respublika fond birjasida joylashtiriladi.
UzNIF 2024-yil avgust oyida Prezident farmoni bilan tashkil etilgan. Fond boshqaruviga 13 ta yirik davlat kompaniyasidagi ulushlar berilgan bo‘lib, uning sof aktivlarining umumiy qiymati 2,4 milliard dollarga baholanmoqda. Fond portfeliga Uzbekistan Airways, O‘zbekgidroenergo, O‘zbektelekom, O‘zsuvta’minot va O‘zpromstroybank kabi strategik korxonalar kiradi.
Source: kun.uz