Surxondaryo viloyatida Afg‘onistondan ulkan miqdordagi giyohvand moddalarni olib kirishga urinishning oldi olindi. Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro kontrabanda operatsiyasi barbod etildi.
Jinoyatchi guruh tashkilotchilari erta tongda, harbiy xizmatchilarning hushyorligi pasaygan paytdan foydalanib, yukni olib o‘tishni rejalashtirgan edi.
Yetkazib berish kanali “Termiz-avto” chegara bojxona postida to‘sib qo‘yildi. Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvidagi Mercedes yuk mashinasida Doosan markali ekskavator tashilayotgani aniqlangan. Tekshiruv vaqtida og‘ir texnikaning ko‘tarish qismida zavod konstruksiyasiga xos bo‘lmagan shubhali buyumlar topilgan.
Mutaxassislar endoskop yordamida ekskavator “strelkasi”ning yashirin bo‘shliqlarini tekshirgan va 593 kg gashish hamda 3 kg afyunni topgan. Ushbu fakt bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246 (kontrabanda) va 273 (giyohvand moddalarni noqonuniy sotish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda huquq-tartibot organlari kontrabandaga aloqador barcha shaxslarni aniqlash va ushlash choralarini ko‘rmoqda.
Source: podrobno.uz