Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov 15-may kuni matbuot anjumanida O‘zbekistondagi turistik obyektlarning 209 tasi uchun yagona ekskursiya matni joriy etilishi, gidlar yetishmovchiligi bartaraf etilishi va xorij fuqarolarining gidlik qilishi taqiqlanishi haqida ma’lum qildi.

Aqqulovning qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 4500 nafar gid-ekskursavod faoliyat yuritmoqda, bu esa talabga nisbatan juda past ko‘rsatkich. Hududlarda turizm sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda turoperatorlarning 80 foizdan ortig‘i so‘nggi 5 yilda tayyorlangan gidlarning malaka ko‘nikmalaridan qoniqmasligini bildirgan.

Qo‘mita raisi gidlar bilan bog‘liq mavzu og‘riqli ekanini ta’kidlab, hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgani va barcha vazirlik hamda idoralar bilan kelishilganini aytdi. Vazirlar Mahkamasida yakuniy bosqichda turgan qaror loyihasida 209 ta muhim obyekt uchun yagona matn ishlab chiqilmoqda va shu matn asosida ekskursiyalar o‘tkazilishi joriy qilinadi.

“Biz kuzatayotgan yana bir holat borki, gidlar yetishmovchiligi hisobiga xorijlik sayyohlik guruhlari o‘zlarining tur rahbari bilan birga kelib, ekskursiya o‘tib ketyapti. Ammo ular obyekt haqida turli manbalarda nima o‘qigan bo‘lsa, o‘shani gapiradi xolos”, — deydi Aqqulov.

“Shu bois biz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, qadriyatlarimiz va tariximiz bilan bog‘liq 209 ta muhim obyekt ro‘yxatini shakllantirdik, ular uchun yagona matn ishlab chiqilyapti. Ya’ni ularning boshqacha talqini bo‘lishi mumkin emas. Faqatgina o‘sha yagona matn asosida ekskursiyalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Gidlar sonini ko‘paytirish maqsadida OTM talabalariga gidlik sertifikatini berish rejalashtirilgan. “Yiliga yettita yo‘nalishda, 3-4 yillik oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talabalarga dual ta’lim tizimi asosida gidlik sertifikati beramiz. Agar ushbu takliflarimiz bayon etilgan qaror qabul qilinadigan bo‘lsa, yiliga OTMlarda o‘qiyotgan 7500 nafargacha bo‘lgan talabalarni gid sifatida yetishtirib chiqish imkoniyatimiz bo‘ladi”, — dedi Aqqulov.

Shuningdek, xorijiy davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kelib, ekskursiya xizmatlari ko‘rsatishini taqiqlash choralari ko‘riladi.

Turizm qo‘mitasi raisi maslahatchisi Jahongir Matkarimov surdogidlar tayyorlash tizimi haqida gapirarkan, hozirda 26 nafar yigit-qiz bu bo‘yicha o‘qitilayotganini ta’kidladi. Avvallari surdogidlar tayyorlash bo‘yicha aniq tizim yo‘q edi. Birinchi tajriba 2023-yildan boshlangan va 10 nafar surdogid tayyorlangan.

Matkarimovning qo‘shimcha qilishicha, surdogidlarni tayyorlash asosiy turistik manzillar — Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yilgan. Ularni o‘qitishdan tashqari, turizm obyektlari bo‘yicha surdo ekskursovodlar uchun video materiallar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.

“Har bir davlatning imo-ishora tili bir-biridan farq qiladi. Shu sababli biz avval shu til qoidalarini o‘rgatib, keyin ekskursovodlikka tayyorlayapmiz. Bu jarayon bir nechta bosqichdan iboratligi uchun ko‘p vaqt olyapti”, — deydi u.

Source: www.gazeta.uz