Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini hisoblashning yangi metodikasini joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu aktivlarning tartibga solinadigan bazasi (RAB) metodologiyasi bo‘lib, tarif nafaqat joriy xarajatlar, balki tarmoqlar, uskunalar, podstansiyalar va gaz quvurlari kabi aktivlar qiymatini ham hisobga oladi.

Vazirlik ta’kidlashicha, RAB metodologiyasi energetika sohasidagi islohotlarning bir qismi bo‘lib, energetik xavfsizlikni mustahkamlash, operatsion samaradorlikni oshirish va uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan. Talabning ortishi va infratuzilmani rivojlantirish zarurati fonida narx shakllanishining shaffof bazasini yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

RAB tizimi narx belgilashni iste’molchilar va korxonalar uchun shaffof qilish, tarif siyosatining prognoz qilinuvchanligini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, yonilg‘i-energetika kompleksi korxonalarining moliyaviy holatini yaxshilash, kredit reytingini oshirish va xalqaro standartlar asosida hisobot yuritishni rag‘batlantirishi kutilmoqda.

Modernizatsiya va kengaytirish katta kapital talab qiladi. Shaffof regulyator baza investorlar ishonchini oshirishi va moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlarini yaratishi lozim. Keyingi bosqichda uzoq muddatli tartibga solish vositalari joriy etiladi: dastlab bir yillik davr, keyin besh yilgacha uzaytiriladi.

Dastlabki ko‘rsatkichlarga ko‘ra, RAB tarkibiga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va aylanma kapital kiradi. Aktivlar MHXS asosidagi moliyaviy hisobotlar negizida belgilanadi. Beg‘araz olingan aktivlar, qurilishi tugallanmagan obyektlar va ishga tushirilmagan uskunalar kiritilmaydi.

Operatsion xarajatlar tartibga soluvchi organ tomonidan ko‘rib chiqiladi va inflyatsiya hisobga olinadi. Kapitalning o‘rtacha qiymati (WACC) korxonaga qarab soliqlardan keyin 14-16 foizni tashkil etadi. 2024-2025 yillarda tariflar qayta ko‘rib chiqilgach, narxlarning o‘zini o‘zi qoplash darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.

Yangi metodika joriy etilgandan so‘ng elektr energiyasini ishlab chiqarish narxi 9 foizga, uzatish xizmatlari 30 foizga, taqsimlash 10 foizga, tabiiy gazni taqsimlash esa 23 foizga oshishi prognoz qilinmoqda. Bu prognozlar zanjirning alohida bo‘g‘inlari qiymatiga tegishli bo‘lib, yakuniy tariflarga bevosita taalluqli emas.

Xarajatlarning yakuniy tariflardan ortiqcha qismi davlat budjetidan qoplanishi rejalashtirilgan. Hududiy elektr tarmoqlarini boshqaruvga olgan kompaniya uchun RAB investitsiyalarni qaytarib olish mexanizmiga aylanishi mumkin. Boston Consulting Group vakili Igor Alekseyev 2025-yil oktabr oyida RAB bo‘yicha tariflarni joriy etish 2027-2028 yillarga rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Source: www.gazeta.uz