2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga 4 million chet ellik sayyoh tashrif buyurdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 30 foizga oshgan. Bu haqda 15-may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ma’lum qildi.
Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, joriy yilning 4 oyida O‘zbekistonga kelgan 4 million xorijiy turistga 1,6 milliard dollar miqdorda turizm xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 40 foizga o‘sishni anglatadi.
Davlatlar kesimida Xitoydan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 barobarga, Yaponiyadan 1,6 barobarga, Malayziyadan 2,2 barobarga, AQShdan 1,4 barobarga, Fransiya, Britaniya, Ispaniya, Turkiya va Germaniyadan 1,2 barobarga ko‘p sayyoh tashrif buyurdi. „O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil“ dasturi doirasida mahalliy sayyohlarning hududlarga 6 million 844 ming safarlari tashkil etildi, o‘sish 18 foizni tashkil etdi.
Abdulaziz Aqqulov o‘tgan hafta Butunjahon turizm tashkilotining Yevropa komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada qatnashgani, u yerda turizm bozoridagi hozirgi vaziyat muhokama qilinganini aytdi. Muzokaralarda geosiyosiy vaziyat, aviakerosin narxlarining oshishi va havo hududlarining yopilishi kabi omillar sayyohlar oqimining shakllantirishdagi tendensiyalarni o‘zgartirgani qayd etildi.
Qo‘mita raisining so‘zlariga ko‘ra, turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2024-yilda 400 milliard so‘m, 2025-yilda 710 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Joriy yil uchun davlat budjetidan 1 trillion 160 milliard so‘m ajratildi. Bu mablag‘lar yo‘llarni asfaltlash, elektr va suv tarmoqlarini tortish, chiqindi qutilari o‘rnatish kabi ishlarga sarflanadi.
2026-2027-yillarda turizm va unga yondosh sohalarda 40 ming ishchi o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 24 mingtasi yangi ish o‘rni, 16 mingtasi soyadan chiqarish hisobiga shakllantiriladi. Shu yilning 4 oyida uch va to‘rt yulduzli mehmonxonalar qurgan olti nafar tadbirkorga 4 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Turizm qishloqlari va mahallalari soni 44 taga, turoperator va turagentlar soni 4600 kishidan oshdi.
Source: www.gazeta.uz