Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan Samarqand viloyatida soliq qarzdorligini kamaytirish va ishga joylashtirish evaziga pul olganlikda gumon qilinayotgan ikki mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Birinchi holat Bulung‘ur tumanida qayd etilgan. “Buxgalteriya markazi” davlat muassasasi hisobchisi fermer xo‘jaligiga hisoblangan 150 million so‘mlik soliq qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berishni va’da qilgan. U fermer rahbaridan dastlab 3 million so‘m olgan, keyinchalik qo‘shimcha 15 million so‘m talab qilgan. Ushbu mablag‘ni tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birgalikda olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ikkinchi holatda esa 2025-yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs 1986-yilda tug‘ilgan fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 14 million so‘m olgani aytilmoqda. Biroq u va’dasini bajarmagan. Tezkor tadbir davomida sobiq hokim o‘rinbosari avval olgan mablag‘ hisobidan 1000 dollarni qaytarib berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. DXX qo‘shimcha ma’lumotlarni oshkor etmadi.

Source: www.gazeta.uz