Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati (DXQ) xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida soliq tizimi va mahalliy hokimiyatda ishlaydigan mansabdor shaxslar noqonuniy pul olish vaqtida qo‘lga olindi. Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Birinchi hodisa Bulung‘ur tumanida qayd etildi. «Buxgalteriya markazi» davlat muassasasi hisobchisi fermer xo‘jaligi rahbariga 150 million so‘mlik soliq qarzini kamaytirishni va’da qilgan. Buning uchun u avval 3 million so‘m olgan. Keyinchalik hisobchi qo‘shimcha 15 million so‘m talab qilgan. Aynan shu pulni olayotgan vaqtda u Bulung‘ur tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari bilan birga DXQ va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Ikkinchi fakt Kattaqo‘rg‘on tumanida aniqlangan. 2025-yilda tuman hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan fuqaro tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirish evaziga 14 million so‘m olgan, ammo va’dasini bajarmagan. Tezkor tadbir davomida sobiq hokim o‘rinbosari olingan pullarning 1000 AQSh dollari miqdoridagi qismini qaytarayotganda qo‘lga tushgan.

Ikkala fakt bo‘yicha ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: kun.uz