Toshkentdagi Yangi Avlod maxsus sanoat zonasida JAC Motors Toshkent zavodining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan birinchi model – JAC M3 avtomobilining yig‘ish liniyasi rasman ishga tushirildi.
Korxona Xitoyning JAC Motors kompaniyasi va “Toshkent invest kompaniyasi” AJ hamkorligida tashkil etilgan. Zavod ichki yonuv dvigatelli, gibrid va elektr transport vositalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
Loyihaning umumiy qiymati 135 million dollarni tashkil etadi va u 30 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda 35 million dollar o‘zlashtirilib, SKD texnologiyasi bo‘yicha yiliga 10 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ishga tushirildi va 100 ta ish o‘rni yaratildi.
Ikkinchi bosqichda to‘liq sikl (CKD) korxonasi qurilishi, yillik ishlab chiqarish quvvatini 30 mingtagacha oshirish va qo‘shimcha 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Kelajakda JAC M4, Sunray, JS8, RF8 modellari, shuningdek, T8 va T9 pikaplarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Yangi ishlab chiqarishning ishga tushirilishi yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish, avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish, arzon avtomobillar taklifini kengaytirish va mahsulotni eksport qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Zavodning Toshkentning Yangihayot tumanida ochilishi haqida joriy yilning mart oyida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz