Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Vazirlar Mahkamasining 19-maydagi qarori bilan suv va alkogolsiz ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida agregatlash (tovar partiyalarini kuzatish) bosqichi 2027-yil 1-aprelgacha kechiktirildi. Bu haqda hukumatdagi manba ma'lum qildi.

Qaror bozor ishtirokchilarining ko‘plab e’tirozlariga javob sifatida qabul qilindi. Tadbirkorlar tarmoqning tayyor emasligi, mexanizmlarning murakkabligi va yetarlicha o‘ylanmagani ishlab chiqarish sur’ati va hajmiga hamda yakuniy narxlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, ular alkogolsiz ichimliklarni markirovkalash tizimi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida deyarli qo‘llanilmasligini, chunki bu sohada kontrafakt xavfi yuqori emasligini qayd etgan.

Qarorda kechiktirish “gazlangan va gazlanmagan suv va ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish uchun texnik imkoniyatlarning to‘liq yaratilishini ta’minlash” bilan izohlangan. Shuningdek, elektron hisob-fakturalarda raqamli markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etish tartibi ham bir yilga kechiktirildi.

Soliq qo‘mitasiga raqamli markirovka tizimi operatori – Asl Belgisi (CRPT Turon) bilan birgalikda ishlab chiqaruvchilar va savdo vakillari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish topshirildi.

Tadbirkorlar markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarimalar – choraklik tushumning 20 foizigacha yetishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Qarorda bu masala hal etilmagan.

O‘zbekistonda mahsulotlarni raqamli markirovkalash tizimi 2019-yildan boshlab joriy etilgan. Tizimning yagona operatori Rossiyaning “Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi” tomonidan tashkil etilgan CRPT Turon hisoblanadi.

Suv va ichimliklarni markirovkalash bir necha bor kechiktirilgan: dastlab 2022-yil oktabridan 2023-yil 1-iyuliga, keyin 2024-yil 1-martiga surilgan. 2021-yil yozida ishlab chiqaruvchilar pilot loyihani to‘xtatishni taklif qilgan, CRPT Turon esa xavotirlarni “mif” deb atagan.

2026-yil mart oyida UzBev assotsiatsiyasi jiddiy xavflar haqida ogohlantirgan. CRPT Turon “spekulyatsiya qilmaslik”ka chaqirgan.

Keyinchalik masala bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashuvda ko‘tarilgan. Tadbirkorlarga jarimalar qo‘llanilmasligi va’da qilingan.

May oyi boshlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev kechiktirish va jarimalarni kamaytirishni qo‘llab-quvvatlagani ma’lum bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz