Amerikalik mashhur soul va R&B ijrochisi, 13 karra “Gremmi” mukofoti sohibi Jon Lejend (John Legend) ilk bor Markaziy Osiyoda chiqish qiladi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilayotgan “Qo‘shiqlar va hikoyalar kechasi” (“An Evening of Songs and Stories”) nomli yakkaxon konsert dasturi 8-iyun kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi.
Tarixiy Registon majmuasi qarshisida o‘rin oladigan sahnada xonandaning eng mashhur qo‘shiqlari, jumladan, butun dunyoda xit bo‘lgan “All of Me”, “Love Me Now”, “Ordinary People” va boshqa taronalari yangraydi. Konsert chiptalarini afisha.uz saytidan xarid qilish mumkin.
Jon Lejendning haqiqiy ismi Jon Stivens bo‘lib, u dastlab sessiya vokalisti va pianinochisi sifatida faoliyat yuritgan. Uning yuksalishida reper Jay-Z asos solgan Roc-A-Fella Records leybli va Kane Uest bilan hamkorlik muhim rol o‘ynagan. Aynan Uest Stivensga e’tibor qaratib, uni o‘z loyihalariga jalb qilgan va “Legend” taxallusini olishiga sababchi bo‘lgan.
2004-yilda chiqqan “Get Lifted” debyut albomi beshta “Gremmi” mukofotini qo‘lga kiritib, butun dunyo bo‘ylab uch million nusxada sotilgan. “Ordinary People” kompozitsiyasi albomning bosh xitiga aylangan. Keyingi yillarda “Once Again” (2006), “Evolver” (2008) va “Love in the Future” (2013) kabi albomlari bilan u zamonaviy soul musiqasining yetakchisiga aylangan.
“All of Me” qo‘shig‘i YouTube’da 2,6 milliarddan ortiq tomosha qilingan va butun dunyo bo‘ylab eng mashhur to‘y xitiga aylangan. Bugungi kunda Lejendning diskografiyasida to‘qqizta albom mavjud, oxirgisi “My Favorite Dream” 2024-yilda chiqqan.
Lejend nafaqat musiqachi, balki aktyor va prodyuser sifatida ham tanilgan. U “Emmi”, “Gremmi”, “Oskar” va “Toni” mukofotlarini qo‘lga kiritgan EGOT klubi a’zosidir. “Selma” filmi uchun yozilgan “Glory” qo‘shig‘i unga “Oskar” va “Oltin globus” keltirgan. Shuningdek, u “La-La Land”, “The Butler” kabi filmlarda suratga tushgan va “Jesus Christ Superstar Live in Concert”da bosh rolni ijro etgan.
Lejendning Get Lifted Film Co prodyuserlik kompaniyasi Universal Studio Group, HBO va Netflix bilan hamkorlik qiladi. U Barak va Mishel Obamaning ilk uchrashuvi haqidagi “Southside with You” melodramasi hamda “Monster” indi-dramasiga ijrochi prodyuserlik qilgan.
Source: www.gazeta.uz