19-may kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo'lib o'tgan Osiyo U17 chempionati yarim finalida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Yaponiyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi.
Asilbek Aliyev 28-daqiqada penaltidan gol urib, hisobni ochdi va uchrashuvning asosiy qismi shu natija bilan yakunlanayotgandek edi. Biroq, o'yinning so'nggi daqiqalarida Yaponiya terma jamoasi himoyachisi Chimezikay tenglashtiruvchi golni urdi va o'yin penaltilar seriyasiga o'tdi.
Penaltilar seriyasida omad Yaponiya tomoniga o'girildi – 3:2. O'zbekistonlik futbolchilar ikki penaltini amalga oshira olmadi, natijada jamoa finalga chiqa olmadi.
Endi Yaponiya yoshlari 22-may kuni finalda Xitoy va Avstraliya o'rtasidagi o'yin g'olibi bilan to'qnashadi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston yoshlari guruh bosqichida Hindistonni 3:0 hisobida mag'lub etib, Shimoliy Koreya ishtirokdan voz kechgani sababli chorak finalga chiqishdi. Ikkinchi turda Avstraliya 2:0 hisobida yengildi. Chorak finalda esa Janubiy Koreya penaltilar seriyasida (2:2, pen. 5:3) mag'lub etildi.
U17 jahon chempionati shu yilning noyabr-dekabr oylarida Qatarda bo'lib o'tadi.
Source: kun.uz