O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qadam. Quyoshli bola Yusuf” nomli qisqa metrajli film mualliflarini “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon imzoladi.
Davlat mukofotiga erkin ijodkor, ssenariynavis va kino rejissyor Suxrob Qodirov hamda Toshkent shahridagi S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti filiali talabasi, kino rejissyor Dilshodbek Usmonov sazovor bo‘ldi.
Mukofot ularning yorqin iste’dodi, yuqori professionalligi, ijodiy yondashuvi va Fransiyadagi xalqaro kinofestivalda qatnashib, bosh sovrin – Gran-prini qo‘lga kiritgani uchun berildi.
“Yoshlik” studiyasi tomonidan Kinematografiya agentligi buyurtmasi bilan suratga olingan lenta Daun sindromi bilan tug‘ilgan Yusuf ismli bola va uning onasi o‘rtasidagi ta’sirli munosabatlar haqida hikoya qiladi.
Yosh rejissyorlarning ishi 79-Kann kinofestivali bilan parallel ravishda o‘tkazilgan 17-xalqaro inklyuziv ENTRE DEUX CANNES kinofestivalida Gran-prini qo‘lga kiritib, nufuzli Yevropa maydonida tantanali e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Farmon matnida qayd etilishicha, davlat mukofoti mamlakat kinosan’atini rivojlantirish va uni jahon miqyosida targ‘ib qilishdagi samarali ijodiy faoliyat uchun ham berilgan. Mualliflar yaratgan badiiy obrazlar xalqning ma’naviy salohiyatini oshirishga, milliy qadriyatlarni aks ettirishga va yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Source: podrobno.uz