Namangan viloyatining Davlatobod tumanida 13 yoshli bola yuqori kuchlanishli transformator ustiga chiqib, elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Mas’ullarning ma’lum qilishicha, voqea 5-may kuni soat taxminan 19:37 larda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2013-yilda tug‘ilgan bola gilos yemoqchi bo‘lib, mahallada o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli transformator ustiga chiqqan vaqtda elektr toki ta’siriga tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum bola xolasining qaramog‘ida bo‘lgan, onasi esa chet elda ishlagan. “Jiyanim soat 5:30 da maktabdan kelgan. O‘rtoqlari bilan futbol o‘ynayman deb ko‘chaga chiqqan. Oldimizda maydoncha yo‘qligi uchun ko‘chaning boshida o‘ynashgan. Transformatorga tegib ketganmi, nima bo‘lgan — ko‘rmaganmiz. Chaqnash bo‘lib, portlagan”, — dedi bolaning xolasi.
Uning aytishicha, qo‘shnilar dastlab bolaga yordam berishga uringan. “Qo‘shnilar birinchi yordam ko‘rsatamiz deb, yonida kanal bo‘lgani uchun loy chaplashgan. Bola tirik bo‘lgan”, — dedi u.
Qarindoshlar bolani yaqindagi shifoxonaga olib borishgan, ammo u yerda tezkor yordam ko‘rsatilmaganini aytmoqda. “Go‘zal shifoxonasi uzoq bo‘lgani uchun G‘ishtli shifoxonasiga olib tushishgan. U yerda birinchi yordam ko‘rsatishmagan. Men bir soatdan ortiq bolani qidirib yurdim. Keyin 103 orqali qayerdaligini bilib, shifoxonaga bordik. Borganimizda allaqachon bola o‘lgan edi”, — dedi xolasi.
Hodisa joyiga tuman prokurori va ichki ishlar bo‘limi tezkor-tergov guruhi chiqqan. Bolaning o‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Marhumning qarindoshlari transformator atrofida xavfsizlik to‘siqlari bo‘lmaganini aytmoqda. “Transformator yonlari panjara bilan o‘ralganida, elektr tarmog‘i bilan ishimiz bo‘lmasdi. Elektr tarmog‘i javobgar bu narsaga. Simlari osilib yotibdi, hozir ham qulflanmagan. Faqat sim-pimlarini yig‘ishtirib qo‘yishdi, lekin to‘siq o‘rnatishmadi”, — dedi marhumning xolasi.
Uning ta’kidlashicha, ular mahalla va profilaktika inspektoriga murojaat qilgan, ammo mas’ullar hudud ularga tegishli emasligini aytgan. “Bu surishtiruvning sababi — boshqa bolalar ham jabr ko‘rmasin. Soppa-sog‘ bola o‘ynagani chiqib ketib, o‘ligi kelsa, bu juda og‘ir”, — dedi u.
Marhum bola Davlatobod tumanidagi 56-sonli umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Davlatobod tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Avvalroq Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 14 yoshli maktab o‘quvchisini poyezd vagoni ustida yuqori kuchlanishli tok urgan edi. 6 metr balandlikdan yiqilgan bola og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Source: www.gazeta.uz