Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistondagi 190 dan ortiq dorixona dori vositalari uchun asossiz ravishda 1,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ olgan. Dorixonalar 110,5 mingga yaqin holatda belgilangan cheklangan savdo ustamasini oshirib qo‘llagan.
Qo‘mita ushbu mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha choralar ko‘rilganini bildirdi. Prezidentning 2022-yil oktabrdagi qarori asosida dori vositalari narxlarini nazorat qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha raqamlashtirilgan tizim joriy etilgan.
Raqobat qo‘mitasi taklifi bilan 2026-yil mart oyidan dori vositalari uchun referent narxlarni nazorat qilish tizimi yanada kuchaytirilgan. Endi ulgurji savdoda dori vositalari belgilangan referent narxdan yuqori narxda sotilganda, soliq organlari tomonidan hisob-fakturalarni ro‘yxatga olishni avtomatik to‘xtatish — validatsiya tizimi qo‘llaniladi.
Qo‘mitaga ko‘ra, bu mexanizm ulgurji bozorda narxlarni sun’iy oshirish holatlarining oldini olish va 12,5 mingdan ortiq chakana dorixonaga dori vositalarini belgilangan narxdan qimmat yetkazib berishga chek qo‘yish imkonini bergan.
O‘tgan davr mobaynida qariyb 2,5 ming dorixona 686 mingga yaqin holatda cheklangan savdo ustamasini 10 foizdan 3 barobargacha oshirib qo‘llagani aniqlangan. Natijada iste’molchilardan asossiz ravishda 21,1 mlrd so‘m mablag‘ olingani ma’lum bo‘lgan.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga dori vositalarini xarid qilishda ularning ruxsat etilgan narxlarini referent narxlar reyestri orqali tekshirib borishni tavsiya qildi. Narxlar asossiz oshirilgan holatlarda 1159 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.
2023-yil may oyida Raqobat qo‘mitasi FAIR Tech axborot tizimida alohida modulni joriy qilgandi. “Soliq” mobil ilovasi orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish bilan bog‘liq kvitansiyalarning QR kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda belgilangan ustamalardan ortiq miqdor aniqlansa, tizim avtomatik ravishda qo‘mitaga bildirishnoma yuboradi.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi maksimal savdo ustamalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Ulgurji savdo uchun bu xarid narxining 15 foizidan, chakana savdo uchun esa ulgurji narxning 20 foizidan ko‘p emas.
Avvalroq 2026-yil birinchi choragida litsenziyasiz faoliyat yuritgan 25 ta dorixona aniqlanib, javobgarlikka tortilgani xabar berilgan edi. Eng ko‘p holat Samarqandda qayd etildi. Qonunga ko‘ra, bunday holatlar uchun yuridik shaxslarga BHMning 300 baravarigacha (123,6 mln so‘m) jarima qo‘llanadi.
Source: www.gazeta.uz