Toshkentda ichki ishlar xodimi engil xulqli ayollarni “qo‘riqlash” evaziga pora olganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz tuman sudi hujjatlari bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro S.B. Yakkasaroy tumani IIB UJB katta profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan. U o‘ziga biriktirilgan hududdagi uyda yashovchi ayoldan har oy 400 dollar miqdorida pora talab qilgan. Buning evaziga u “Damariq” mahallasidagi uylardan birida jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi ayollarga nisbatan chora ko‘rmaslikni va‘da qilgan.
Inspektor fohishalarga “qo‘riqlash” va‘da qilgan, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan reydlar haqida ogohlantirishni va’da qilgan. S.B. 2025 yil 28 noyabr kuni DXX va Toshkent shahar IIB O‘z xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan arizachidan 400 dollar olayotganda qo‘lga olingan. Shu kuni unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sudda S.B. o‘z aybini qisman tan olib, ilgari arizachidan pul olmaganligini aytgan. “Men undan birinchi marta pul oldim. Ungacha hech qachon gaplashmaganman. Fohishalardan foydalanmaganman. Men arizachidan qizlar haqida faqat ular orasida voyaga yetmaganlar bor yo‘qligini bilish uchun so‘raganman. 400 dollarni shaxsiy ehtiyojlarim uchun so‘raganman”, degan u.
Arizachining so‘zlariga ko‘ra, inspektor fohishalarning “xizmatlari”dan ham foydalangan va ularning faoliyatiga ko‘z yumgan. “Qo‘riqlash evaziga u ba’zan kelib qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan. Ba’zan pul kerakligini aytib, 200 ming so‘mdan 400 dollargacha olgan”, degan u. 2026 yil 23 aprelda Mirobod tuman jinoyat ishlari sudi S.B.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatda aybdor deb topib, 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, u 2 yil muddatga ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Source: kun.uz