Rossiyaning “Rossotrudnichestvo” agentligi vakili Irina Staroselskayaning ma’lum qilishicha, Samarqandda Rus uyini ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Loyiha 2027 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi bosqichda tegishli bino tanlash ishlari olib borilmoqda. Vakolatxona diplomatik maqomga ega bo‘lgani sababli, bino maxsus talablarga javob berishi kerak. Shu bois har qanday ob’ektni ijaraga olish imkonsiz.
Loyihani ishga tushirish uchun O‘zbekiston tomonidan rasmiy kelishuv talab etiladi. Barcha tashkiliy va huquqiy masalalarni hal qilgandan keyingina amaliy bosqichga o‘tish mumkin.
Hozirda O‘zbekistonda faqat Toshkentda bitta Rus uyi faoliyat yuritmoqda. U taxminan 25 yildan beri ishlab kelmoqda.
2025 yil dekabr oyida “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yil yakunlarini sarhisob qildi. Yil davomida 250 dan ortiq tadbir o‘tkazilib, madaniyat, ta’lim va tibbiyot sohalarida o‘nta strategik shartnoma imzolangan.
Source: podrobno.uz