O‘zbekiston Respublikasi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi xabariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistondan o‘n turdagi quritilgan sabzavotlarni import qilishga ruxsat berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi boshida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi bilan muzokaralar olib borildi va natijada bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatnoma olindi.
Ruxsat etilgan quritilgan sabzavotlar ro‘yxatiga sarimsoq, piyoz, lavlagi, sabzi, pomidor, turp, qovoq, baqlajon, qovoqcha va ko‘katlar kiritilgan.
Eksport qilish uchun korxona Xitoy tomonidan tasdiqlangan importyorlar ro‘yxatiga kiritilishi kerak. Shuningdek, fitosanitar sertifikatning mavjudligi va karantin zararli organizmlarining yo‘qligi talablari majburiy hisoblanadi.
2026-yil aprel oyining o‘rtalarida Pokiston fitosanitar xizmati bilan muzokaralar natijasida to‘rt turdagi mahsulot: achchiq qalampir, anjir, limon va olma eksportiga ruxsat olingani ma’lum bo‘ldi.
Source: kun.uz