Senatning 19-may kungi yig‘ilishida qurilish sohasidagi jiddiy muammolar muhokama qilindi. Senator Zumrad Bekatova ma’lum qilishicha, 2025-yilda loyihalarni ishlab chiqishdagi qonunbuzarliklar tufayli davlatga 391,2 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu borada 474 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
2024–2025-yillarda sohada 236 ta korrupsion jinoyat aniqlangan bo‘lib, ularga 284 kishi aloqador. Eng ko‘p tarqalgan qonunbuzarliklar: mansab vakolatini suiiste’mol qilish (72 ta), xizmat soxtakorligi (71 ta) va byudjet mablag‘larini o‘g‘irlash (46 ta).
Qurilish ishlari sifatiga oid 1601 ta qonunbuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning umumiy summasi 29 mlrd so‘mni tashkil etadi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 63 mlrd so‘m edi. Shuningdek, 2025-yilda 506 ta aslida bajarilmagan qurilish-montaj ishlari hujjatlarda aks ettirilgan, bu 25 mlrd so‘m zarar keltirgan.
Senator ta’kidlashicha, 19 ta amaldagi shaharsozlik normalari 20 yildan ortiq vaqt davomida qayta ko‘rib chiqilmagan. Vazirlik tomonidan texnik reglamentlarni yangilash ishlari lozim darajada amalga oshirilmagan.
Qurilishlarda mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida 2025-yilda baxtsiz hodisalarning 40 foizi ishchilarning o‘limi bilan yakunlangan. Bunga balandlikda ishlash xavfsizligi buzilishi (52 foiz), nosoz uskunalardan foydalanish (15 foiz) va ehtiyotsizlik (7 foiz) sabab bo‘lgan.
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligi pastligi qayd etildi: 2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Prezident Virtual va Xalq qabullariga kelib tushgan 13,8 ming murojaatning atigi 18 foizi ijobiy hal qilingan. Takroriy murojaatlar soni 1358 tani tashkil qilgan.
Source: kun.uz