Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 217 tup daraxtni noqonuniy kesish bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 2 milliard so‘mdan oshgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan ishda sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i va “Mansur Tekstil Termiz” MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, “Do‘stlik” mahallasidagi yuridik texnikum hududida ko‘p qavatli uy qurish maqsadida daraxtlarni ko‘chirishga uringan. Dastlab 20 million so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Biroq hududdagi daraxtlar Ekologiya boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatbaho daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosan rad etilgan. Shunga qaramasdan, 61 tup eldor qarag‘ayi, 36 tup virgin archasi, 101 tup sharq biotasi, 16 tup chinor va 4 tup tut daraxti — jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 2 milliard 69 million 437 ming 500 so‘mni tashkil etgan. To‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilgan va ish sudga oshirilgan.

Apellyatsiya instansiyasida sobiq qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘zini aybsiz deb hisoblab, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. U daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylaganini va qurilish tashkilotiga “faqat yordam bergani”ni aytgan. Biroq sud hay’ati to‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosalarini tahlil qilib, uni Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topgan.

Sud hukmiga ko‘ra, unga ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinadigan ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Dastlabki qamoqda saqlangan muddati inobatga olinib, yakuniy jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilangan.

Jinoyat kodeksining 198-moddasiga ko‘ra, ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, BHMning 500−600 baravari miqdorida jarima yoki 360−480 soat majburiy jamoat ishlari yoki 2−3 yil axloq tuzatish ishlari yoxud 3−5 yil ozodlikni cheklash yoki 3−5 yil ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Ma’lumot uchun, huquqbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-noyabrdagi 464-son qarori asosida hisoblanadi. Hujjatga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxt va butalarni kesishga nisbatan moratoriy amal qilgan davrda yetkazilgan zarar miqdori ikki baravarga oshirilgan holda hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yildan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.

Source: www.gazeta.uz