28-aprel kuni Farg‘ona tuman sudida 25 yoshli Y.M. ismi fuqaro ustidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. U Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilganlikda ayblangan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Y.M. 2023-yilda Moskvaga ishlash uchun borgan. U yerda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va Saratov viloyatidagi koloniyaga yuborilgan.
Koloniyada unga oyiga 210 ming rubl evaziga Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilish va Ukrainaga qarshi urushda qatnashish taklif qilingan. Dastlab rozi bo‘lmagan, ammo qamoqxonadagi qiyinchiliklar tufayli ilojsizlikdan rozi bo‘lgan.
2025-yil 21-avgustda bir yillik harbiy shartnoma imzolagan va Donetskdagi poligonda ikki haftalik tayyorgarlikdan o‘tgan. Tayyorgarlik davomida hushini yo‘qotib, harbiy gospitalga yotqizilgan va to‘rt oy davolangan.
2026-yil yanvarida gospitaldan qochib, O‘zbekiston konsullik markazi orqali vatanga qaytish guvohnomasini olgan va 27-yanvar kuni Toshkentga qaytgan.
Sudda Y.M. aybiga iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan. Ota-onasi uning sog‘lig‘i yomonligi va yoshligini inobatga olib yengillik so‘ragan.
Sud Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topib, 57-modda asosida yengilroq jazo tayinlagan: 3 yil axloq tuzatish ishlari, ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinadi.
Source: www.gazeta.uz