Prezident Shavkat Mirziyoyev “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi doirasida saralab olingan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, prezidentning 2025-yil 14-iyuldagi farmoniga muvofiq, “Kelajak uchun” forumini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Uning asosiy maqsadi keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan dolzarb takliflarni saralash, qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishdan iborat.
Forum doirasida kelajakuchun.gov.uz kraudplatformasi ishga tushirildi. Bu orqali aholi o‘z tashabbuslarini ochiq tarzda taqdim etishi, ularni muhokama qilish va ekspert baholashidan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Joriy yilgi forum uchun tashkiliy qo‘mita tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash, ekologiya, suv ta’minoti va “yashil” energetika qamrovini kengaytirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish, tibbiyot va ta’lim sifatini oshirish, sud-huquq tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.
Forum e’lon qilingach, aholidan 1300 dan ortiq taklif va tashabbus kelib tushdi. Dastlab ular Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan ko‘rib chiqilib, belgilangan ustuvor yo‘nalishlar kesimida umumlashtirildi.
Shundan so‘ng tashabbuslar Mentorlar kengashi a’zolari va sohaviy ekspertlar ishtirokida tahlil qilinib, amaliy ahamiyati, joriy etish imkoniyati, ijtimoiy-iqtisodiy samarasi va kengaytirish istiqbollari nuqtai nazaridan baholandi. Ushbu jarayon yakunlari bo‘yicha eng dolzarb loyihalar top 50 va top 10 ro‘yxatlariga saralab olindi.
Forumning birinchi kunida top 10 tashabbus mualliflarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘oliblarga sertifikatlar va pul mukofotlari topshirildi.
Davlat rahbariga taqdim etilgan loyihalar orasida yo‘l qurilishida plastik chiqindilardan foydalanish, innovatsion havo tozalash uskunasini ishlab chiqish, chekka hududlarni ko‘chma qurilma vositasida energiya bilan ta’minlash, piyodalar yo‘lakchasida avtomatlashtirilgan ogohlantirish tizimini joriy qilish, milliy muhandislik platformasini yaratish kabi tashabbuslar bor.
Taqdimotda ushbu g‘oyalarning har biri muayyan ijtimoiy yoki iqtisodiy muammoni hal etishga qaratilgani ta’kidlandi.
Loyihalar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mas’ul tashkilotlarga biriktiriladi.
Ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, har bir tashabbusning ijrosi tizimli ravishda kuzatib boriladi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va ularning bajarilishini doimiy monitoring qilishda ishtirok etadi.
Davlat rahbari tashabbuslarning amaliy natijasiga alohida e’tibor qaratish, mualliflar bilan birga ishlab, har bir loyihani hayotiy, iqtisodiy samara beradigan va odamlarga foyda keltiradigan yechimga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz