23-25-may kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sababli O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet rasmiy ogohlantirish e’lon qildi.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, ayniqsa, tog‘ etaklaridagi aholi punktlari va dam olish maskanlari xavf ostida. Yomg‘ir suvlarining to‘planishi natijasida ayrim hududlarni suv bosishi ehtimoli bor.
O‘zgidromet fuqarolardan, ayniqsa, tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchilar, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirishni so‘radi. Xavfli hududlardan uzoqroq turish, daryo va soylar bo‘ylarida harakatlanishdan saqlanish tavsiya etiladi.
Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rishga tayyor ekanligini bildirdi. Aholiga ogohlantirishlarga rioya qilish va kerak bo‘lsa, tezkor xizmatlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Source: www.gazeta.uz