Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini ta’kidladi. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etildi.
“Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi”, — dedi prezident.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat ta’lim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omildir.
Davlat rahbari Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi. Ularning yuksak marralarga erishishida ilmga intilish va kitob mutolaasi asosiy manba bo‘lganini ta’kidladi.
Shu ma’noda, mamlakat xalqaro maydonda qudratli va yuksak salohiyatli xalq sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ikki mustahkam asosga tayanishi zarurligi ta’kidlandi. Bular — ilmiy va ma’naviy meros hamda zamonaviy ilm-fan va ilg‘or texnologiyalardir.
Prezident o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularda bilimga mehr va rag‘bat uyg‘otishga ustuvor ahamiyat qaratib kelayotganini ta’kidladi. 2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilmoqda.
2026-yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Kuni kecha “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi respublika bosqichi yakunlandi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 42 nafar eng bilimdon yoshlar o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etdi. Tanlovning uch nafar g‘olibi prezident sovg‘asi — zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari g‘oliblarni, ularning ustozlari va ota-onalarini samimiy tabriklab, bunday iqtidorli, izlanuvchan va bilimga chanqoq yoshlar Yangi O‘zbekistonning haqiqiy tayanchi ekanini ta’kidladi.
Marosimda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 2015-yilda Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan boshlangan “Arab kitobxonlik tanlovi” dasturi bugungi kunda jahondagi eng yirik ma’rifiy harakatlardan biriga aylangani qayd etildi. Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.
O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ushbu ezgu g‘oyani milliy ma’naviy merosimiz asosida yurtimizda yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilindi.
Shu maqsadda “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi boshlanmoqda. Davlat rahbari kuni kecha ushbu dasturni davlat miqyosida faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini qayd etdi.
Endilikda har yili mazkur tadbirning final bosqichi prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Mazkur harakat O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Prezident ushbu tashabbus maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirish, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.
“Men ushbu dasturni shunchaki kitob o‘qish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar”, — dedi davlat rahbari.
Marosimda prezident barcha o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Kitob o‘qigan, bilimga intilgan va ezgu ma’nolarni anglagan millat hech qachon yengilmasligi ta’kidlandi. “Ilmdan boshqa najot yo‘q” degan ma’rifatparvar ajdodlar g‘oyasini butun mamlakat miqyosida hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.
Source: www.gazeta.uz