O‘zbekiston Qurbon hayiti munosabati bilan va Afg‘onistonning sel-suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan aholisiga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida 200 tonnaga yaqin insonparvarlik yordamini Balx viloyatiga yetkazib berdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar qilmoqda.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev va Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris ishtirokida topshirildi.
Yordam tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik moyi, no‘xat va tez tayyorlanadigan taomlar o‘rin olgan.
O‘zbekiston 2025-yilda ham Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘onistonga 183 tonna oziq-ovqat mahsulotlarini topshirgandi.
Mamlakat oxirgi marta mart oyida Afg‘onistonga Ramazon hayiti munosabati bilan 290 tonnadan ziyod insonparvarlik yordami jo‘natgan. Yuk un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat edi.
Source: www.gazeta.uz