Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ma’muriy sud ishlariga “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipini joriy etish davlat organlari bilan nizolarni ko‘rib chiqish amaliyotida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bu haqda 18-may kuni Senat majlisida Shuhrat Polvonov ma’lum qildi.

U iqtisodiy va ma’muriy sudlarga fuqarolar hamda tadbirkorlarning murojaat qilishini yanada qulaylashtirishga qaratilgan qonun muhokamasi chog‘ida so‘z yuritib, ushbu prinsip halol harakat qilgan fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishini ta’kidladi.

“Buni katta siyosiy masala sifatida ham ko‘rish mumkin. Chunki kelajakda ishonchni huquqiy himoya qilish institutining joriy etilishi mansabdor shaxslarning harakatlari yoki davlat organlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topishda jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi”, — dedi Shuhrat Polvonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Ma’muriy sud ishlarini yuritish kodeksining 188-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarish haqida ketmoqda. Ushbu modda ma’muriy organ, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki ularning mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydi.

Shuhrat Polvanovning ta’kidlashicha, “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi shundan iboratki, agar shaxs qonuniy va asosli qaror orqali huquqiy himoyaga ega bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik unga nisbatan salbiy huquqiy oqibatlar qo‘llanilmasligi kerak.

U misol sifatida, fuqaro yoki tadbirkorga hokim qarori asosida yer uchastkasi ajratilib, keyinchalik ushbu qaror bekor qilingan holatni keltirdi.

“'Ishonchning huquqiy himoyasi' prinsipi asosida bunday holatda yer uchastkasi olib qo‘yilmaydi va uning huquqi bekor qilinmaydi”, — deb tushuntirdi Shuhrat Polvanov.

Shu tariqa “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi halol fuqaro yoki tadbirkor davlat organining noqonuniy yoki xatoli qarori tufayli salbiy oqibatlarga duch kelmasligini nazarda tutadi.

Shuhrat Polvonovning ta’kidlashicha, shunday jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qonunlar muhokama qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Senat 18-may kuni ushbu qonunni ma’qullagan. U fuqarolar va tadbirkorlarning iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarga murojaat qilish jarayonini yanada osonlashtirishga qaratilgan. Shuningdek, hujjat eksterritorial sudlov tamoyilini joriy etadi, ayrim da’volar bo‘yicha davlat bojini qaytarishni nazarda tutadi hamda sud jarayonlarida davlat organlarining javobgarligini kuchaytiradi. Qonun prezident ko‘rib chiqishi uchun yuborilgan.

Source: www.gazeta.uz