O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Angren shahridagi “Nishbosh” ko‘mir konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Konning umumiy zaxiralari 233 million tonna ko‘mirga baholanib, yillik qazib olish quvvati 10 million tonnani tashkil etadi. Loyiha qiymati 494 million dollarni tashkil etadi. Uning doirasida 880 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ushbu kon negizida umumiy quvvati 1,4 GVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish taklif etildi. Loyihaga ko‘ra, 1,3 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilish va har birining quvvati 350 MVt bo‘lgan to‘rtta energoblok qurish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, ular o‘ta muhim texnologiyalar asosida ishlaydi.
Stansiya qurilishi davrida 1500 ta, ishga tushirilgandan so‘ng 310 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. IES yiliga o‘rtacha 9,8 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda (taqqoslash uchun: 2025-yilda O‘zbekistonda 84,8 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan). Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Taqdimotda tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, yirik kombinat va tarmoq korxonalari ehtiyojlarini birlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni uzoq muddatli shartnomalar asosida qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Shu bois tog‘-kon sanoatida 2027−2030-yillarga mo‘ljallangan mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Prezident bu takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Fevral oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga 8−9 million tonna ko‘mirni chuqur qayta ishlash va 1,1 million tonnadan ortiq polimer mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilgan edi. U 5 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, Angren shahridagi “Nishbosh” ko‘mir konini 494 million dollarlik investitsiya loyihasi doirasida o‘zlashtirish masalalari muhokama qilindi. Ishlab chiqarishni 2026-yilda boshlashmoqchi edi.
Source: www.gazeta.uz