Toshkent viloyatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kuryerni kaltaklash videosi bo‘yicha tekshiruv yakunlandi. Ma’lum bo‘lishicha, video haqiqiy emas, balki ikki blogger tomonidan obunachilarni jalb qilish maqsadida sahnalashtirilgan prank bo‘lgan.
Viloyat IIB matbuot kotibi Bobur Tulaganovning ma’lum qilishicha, 32 yoshli Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tug‘ilgan shaxs o‘z tanishi bilan birgalikda soxta video tayyorlab, uni Instagram’ga joylagan. Video keng jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘lgan.
Prank muallifi: “Bunday jiddiy reaksiyaga sabab bo‘lishini kutmagan edik. Videoni suratga olganimiz va qilmishimizdan afsusdamiz”, — degan.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan ishtirokchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 189-1-moddasi (“Zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish”) bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga 50 dan 400 BHM gacha — ya’ni 20,6 milliondan 165 million so‘mgacha jarima solinishi mumkin.
IIB fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda kontent yaratish va tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishga, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda bir oila o‘zining Mercedes-Benz G-Class avtomobilining old oynasi yorilganini sahnalashtirib, niqobli ikki kishi go‘yoki mashinani sindirayotgani aks etgan videoni Instagram’ga joylagan edi.
Source: podrobno.uz